Bog'lanish

Telefon
79-220-79-22

Elektron manzil
navoiy@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Har xil o‘yin bo‘lib ketmasligi uchun yer bo‘yicha farmon jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmadi — adliya vaziri


Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yer munosabatlarini tartibga solishga oid prezident farmoni nima sababdan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaganini izohladi. «Har xil o‘yin bo‘lib ketmasligi, butun davlat miqyosida yerlar talon-toroj qilinmasligi uchun mana shunaqa yondoshuv qilindi», — dedi u. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, endi hokimlar yer ajratish bo‘yicha qaror qabul qila olmaydi. Faqat viloyat hokimlarida qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishga oid vakolat qolgan.
Chorshanba kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezidentning yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash to‘g‘risidagi farmoni nima sababdan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmaganiga izoh berdi.
«Farmon jamoatchilik muhokamasiga, bevosita regulation.gov.uz saytiga qo‘yilmadi. Sababi biz aytgan guruh juda qattiq ishlarni olib bordi. Farmon e’lon qilinib, jamoatchilik muhokamasida tursa, noqonuniy jarayonlar birdan kuchayib ketishi ehtimoli bor edi. Shuning uchun, Bosh prokuratura nazorati ostida, u yoqda [hokimlar tomonidan] qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qarorlarni to‘xtatib turib, moratoriy e’lon qilib, shu yo‘sinda farmon qabul qilindi… Har xil o‘yin bo‘lib ketmasligi, butun davlat miqyosida yerlar talon-toroj qilinmasligi uchun mana shunaqa yondoshuv qilindi», — deya ta’kidladi u.
R.Davletovning ta’kidlashicha, qarorlar qabul qilishda eng katta muammo — hujjatga raqam olish masalasida. Ya’ni, oldindan qaror raqami olinib, hujjat keyinroq, sanasi o‘zgartirilib qabul qilinadi.
«Hozirni o‘zida kerak bo‘lsa, qarorlarni ro‘yxatga oladigan jurnallar ham nazoratga olinayapti… Bilib qo‘yinglar, nomer qo‘yish qarorda eng katta ahamiyatga ega bo‘lgan narsa. Qog‘ozga yozadi-da, nomer olib qo‘ysa bo‘ldi, oldingi sana yoki shu sana bilan yozib qo‘yadi», — dedi u.
R.Davletov shuningdek, mazkur farmonda aks etgan chora-tadbirlarni o‘zida mujassam qilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinganini ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur farmondan keyin yer ajratish to‘g‘risida chiqarilgan har qanday qaror noqonuniy hisoblanadi.
«Qandaydir, kimgadir yer berish bo‘yicha qaror bo‘lsa, bu noqonuniy qaror degan shubha bilan qarash kerak. Chunki, tuman darajasida yer bo‘yicha qaror qabul qilish tugadi. Viloyat hokimida faqat qishloq xo‘jaligi bo‘yicha [vakolat] qoldi», — dedi Adliya vazirligi rahbari.