Bog'lanish

Telefon
79-220-79-22

Elektron manzil
navoiy@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Adliya aralashuvi bilan murojaatchilarning maoshi undirib berildi


   Keyingi paytlarda adliya organlariga fuqarolardan oylik ish haqi bilan bogʻliq muammolar yuzasidan murojaatlar koʻpaymoqda. Shunday murojaatlardan biri muallifi Gulbahor Faxriyeva. U Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi 5-son maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi vazifasida ishlaydi. Fuqaro unga belgilangan miqdordan kam miqdorda ustama haqi toʻlanayotganidan shikoyat qilib, tuman adliya boʻlimiga murojaat qildi.

   Tuman adliya boʻlimi tomonidan mutaxassislar ishtirokida murojaat oʻrganildi.

– Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligining 2019-yil 15-avgustdagi 9-2019/k/q, 32-son qarori bilan tasdiqlangan “Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik toʻlovlar toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq muayyan davr ishlaganlik uchun oylik toʻlovlarni amalga oshirish huquqini beruvchi ish stajiga Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasidagi byudjet tashkilotlarida ishlagan davri ham kiritilishi belgilab qoʻyilgan, – deydi tuman adliya boʻlimi boshligʻi Maʼruf Umrzoqov. – Shunga asosan, G.Faxriyevaga 2019-yil sentyabr oyidan boshlab muayyan davrda ishlaganlik ish stajiga 75 foiz miqdorida ustama toʻlanishi lozim boʻlgan. Ammo toʻlov 25 foiz miqdorida amalga oshirilgan. Natijada muayyan davrda ishlaganlik uchun ish stajiga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshimcha jami 6 million 587 ming 617 soʻm miqdoridagi toʻlovlar toʻlab berilmagan.

   Yana bir murojaatda tomdilik S.Abdullayev tuman adliya boʻlimiga hududdagi Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi unga qonunda belgilangan pul mablagʻlarini toʻlab bermayotganidan shikoyat qilgan.

   Maʼlum boʻlishicha, u 2020-yilning sentyabr oyidan buyon Tomdi tuman Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida ishlab keladi.

– Fuqaroning murojaati adliya boʻlimi tomonidan oʻrganilganda, unga 2021-yil 1-20-mart kunlari Toshkent shahriga oʻquv mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etish uchun 890 ming soʻm xizmat safari xarajatlari, 2021-yil 12-18-aprel kunlari oʻqishga qatnashish uchun ketganligi sababli 3 million 448 ming soʻm oylik ish haqlari va 2021-yil 21-iyundan 18-avgustga qadar mehnat taʼtiliga chiqqanligi uchun 2 million 448 ming soʻm mehnat taʼtili pullari, jami 6 million 825 ming soʻm pul toʻlovlari toʻlanmasdan qolganligi maʼlum boʻldi, – deydi tuman adliya boʻlimi boshligʻi O.Nasirov. – Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasi, 1-qismida ish beruvchi oʻzining moliyaviy holatidan qatʼi nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda toʻlashi shartligi qayd etilgan. Shuningdek, mazkur kodeksining 133-moddasida barcha xodimlarga, shu jumladan, oʻrindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat taʼtillari berilishi qayd etilgan. Bundan tashqari, kodeksning 149-moddasida xodimlar oʻqish bilan bogʻliq taʼtillar olish huquqidan foydalanishlari mumkin ekanligi belgilangan.

   Shuningdek, Mehnat kodeksining 250-moddasida taʼlim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotganlarga yillik taʼtillarni ish beruvchi ularning xohishiga koʻra imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga toʻgʻrilab berishi shart ekanligi koʻrsatilgan.

   Oʻrganishlar yakunida har ikkala holatda ham murojaatlar ijobiy hal etilib, toʻlanmasdan qolgan mablagʻlar fuqarolar foydasiga undirib berildi.