Янгиликлар
Adliya faoliyatidan
Uchquduq tumanida istiqomat qiluvchi Mashhura Azamatova tuman adliya bo‘limiga ish haqlarini undirib berishda yordam so‘rab murojaat qildi.
-Men tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining yo‘llanmasi asosida “Do‘stlik” mahallasiga mavsumiy ishga kirdim. Avgust oyida bir oy ishlaganman. Ammo, ishlagan davrim uchun oyligimni ololmadim. Oilamning moddiy ahvoli yomon bo‘lgani uchun pul menga zarur edi. Ha deganda ish toppish ham oson emas. Shuning uchun adliya bo‘limidan yordam so‘radim.- deydi M.AzamatovaShundan so‘ng adliya bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2017-yil 5-oktyabrdagi 799-son qaroriga asosan Uchquduq tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazda 2021-yilning avgust oyi davomida haq to‘lanadigan jamoat ishlari tashkil etilishi, to‘lovlar amalga oshirilishi, hisob-kitob ishlari tashkil qilinishi holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, Uchquduq tumanida jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2021-yil avgust oyi bo‘yicha 14 ta buyurtmachi-ish beruvchilar tomonidan 140 nafar ishsiz fuqarolar jamoat ishlariga jalb qilingan. Shundan,28 nafar fuqarolarga 25 203 443 so‘m miqdorda jamg‘arma mablag‘lari to‘langan bo‘lib, avgust oyi uchun 112 nafar fuqaroga 92 569 568 so‘m mavsumiy oylik ish haqi hisoblangan bo‘lsada, to‘lov amalga oshirilmagan.
Vaholanki,O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi 154-moddasiga ko‘ra “Ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shart”
Shu asosga ko‘ra Aholi bandligiga ko’maklashish markaziga murojaatchi M.Azamatova hamda 112 nafar avgust oyida haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilingan fuqarolarga ishlagan davri uchun oylik to‘lab berilishini ta’minlash maqsadida taqdimnoma kiritilib, pul mablag‘lari undirib berildi.
Ma’ruf Umerzakov
Uchquduq tumani adliya bo‘lim boshlig‘i