Янгиликлар
Adliya faoliyatidan
Xatirchi tumani “Miyonqol” MFYda yashovchi fuqaro Juraqulov Bekzodjon oylik ish haqlari berilmayotganligidan norozi boʼlib tuman adliya boʼlimiga murojaat qildi.
Аniqlanishicha, fuqaro Navoiy viloyat hududiy “Chorvanasl” markaziga haq toʼlanadigan jamoat ishlari jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan mavsumiy texnik osmenator vazifasida ishlab kelgan.
Navoiy viloyat hududiy “Chorvanasl” markazi hamda Xatirchi tumani Аholi bandligiga koʼmaklashish markazi tomonidan 2021-yil 4-yanvarda haq toʼlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish boʼyicha 2021-yil 31-dekabr sanasiga qadar shartnoma tuzilgan boʼlib, unga ko‘ra markaz har oyning 5-sanasiga qadar oʼtgan oy uchun jamoat ishlarida qatnashgan fuqarolar uchun toʼlanishi lozim boʼlgan ish haqini tegishli hujjatlar taqdim etilganidan keyin ish beruvchining hisob raqamiga oʼtkazib berishi lozimligi qayd etilgan.Biroq tuman ABKM tomonidan“Chorvanasl” markaziga yollanib ishlovchilar uchun belgilangan pul mablag‘lari o‘tkazib berilmagan. Murojaatlarni oʼrganish davomida, tuman АBKM tomonidan boʼlimga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2021 yil 20 apreldagi 01/00-03/14-4362-sonli xatiga asosan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʼmitasiga joriy yilning mart-aprelь oylarida texnik osmenatorlar uchun ish haqlari “Chorva nasl” markazlari tomonidan toʼlab berilishi belgilanganligi sababli 2021- yil mart oyidan boshlab АBMK tomonidan ish haqlari moliyalashtirib berilmaganligi toʼgʼrisida javob xati berilgani ma’lum bo‘ldi.
Vaholanki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4254-sonli qarorining 9-bandida, Аgentlikning bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar «Chorvanasl» markazlari direktorlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda har yili naslchilik ishi va sunʼiy urug‘lantirishni tashkil qilish uchun 1 500 tagacha ishchilarni shartnoma asosida jalb qilish vakolati berilib, jalb qilinadigan ishchilar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan 12 oylik shartnoma asosida ishsizlar va band bo‘lmagan shaxslar sifatida jamoat ishlariga jalb qilinishi va ularning ish haqi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.
Ish o‘rganish jarayonida Xatirchi tuman adliya bo‘limi mazkur yo‘nalishdagi yana 20 ta murojaatni qabul qildi.
Qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra adliya bo‘limining sudga Navoiy viloyat hududiy “Chorvanasl” markazi Xatirchi tuman filialida ishlab ketgan xodimlar manfaatida kiritgan da’vo arizasi qanoatlantirilib, 20 nafar fuqaroga 80 millionga yaqin pul mablag‘lari undirib berildi.
Zafar Nasimov
Xatirchi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i