Янгиликлар
Adliya faoliyatidan
Fuqaro Nazarbek Husenov adliya boshqarmasiga murojaat qilib, qarindoshi (opasining turmush oʻrtogʻi) marhum Asadov Feruz Bozorovichning ish vaqtida COVID-19 virusini yuqtirib olishi natijasida kasallanib vafot etgani, ammo unga sogʻliqni saqlash tizimi tomonidan qonunchilikda belgilangan pul mablagʻlari toʻlab berilmaganini maʼlum qildi. Fuqaro mazkur masalada qarindoshining huquqlarini tiklab berishda amaliy yordam soʻradi.
Aniqlanishicha, marhum Asadov Feruz Bozorovich Navoiy viloyat perinatal markazining 2018-yil 9-yanvardagi № 6-K-son buyrugʻi bilan reanimatsiya va anesteziologiya boʻlimida navbatchi anestiziolog va reanimataolog vrach vazifasida hamda oʻrindoshlik asosida Navbahor tuman tibbiyot birlashmasining 2018-yil 4-iyundagi № 689-K-son buyrugʻi bilan reanimatsiya va anesteziologiya boʻlimida navbatchi anestiziolog va reanimataolog vrach vazifasida vazifasida ishlab kelgan. Oʻrganishlar davomida marhum fuqaroning ish jarayonida kovid virusini yuqtirib olgani tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksning 189-moddasida, xodimning sogʻligʻiga mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u oʻz mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni ish beruvchi toʻliq hajmda toʻlashi shartligi koʻrsatilgan.
Qolaversa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil
26-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya–epidemiologiya xizmati xodimlarini
qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4652-son Qarori (amalda boʻlgan davr uchun (hujjat 2021-yil 1-iyunda oʻz kuchini yoʻqotgan) ilovasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida ogʻir ahvolga tushgan va sogʻligʻi tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila aʼzolariga toʻlanadigan bir martalik toʻlov miqdori 250 million soʻm etib belgilangan.
F.Asadovning turmush oʻrtogʻi bir necha bor Sogʻliqni saqlash vazirligiga va viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilishiga qaramasdan ularga qonunchilikda belgilangan pul mablagʻlarini bir yoʻla toʻlashdan bosh tortib kelingan.
Holat adliya boshqarmasi tomonidan oʻrganib tahlil etilgach, murojatchi arizasiga koʻra marhum fuqaro Feruz Asadovning turmush oʻrtogʻi manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritilib, qonunchilikka koʻra toʻlab berilishi nazarda tutilgan 250 million soʻm pul mablagʻlarini undirish bo‘yicha sud qarori chiqdi.
Hamidullo Sa’dullayev
Navoiy viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i