Янгиликлар
12
Adliya faoliyatidan
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “Soʻfiyon” mahallasida istiqomat qiluvchi Gulbahor aya Boqiyeva 4 farzandning onasi, 7 nabiraning buvisi. Qiziltepa tuman tibbiyot birlashmasida, uzoq yillar Alisher Navoiy jamoa xoʻjaligida ishlagan. Mazkur davrlarda ish haqi toʻlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar arxivga taqdim etilmaganligi sababli ish stajiga qoʻshilmagan.
– Pensiyaga chiqdim, endi hordiq chiqaraman, mehnatimni rohatini koʻraman, deb turganimda pensiya pulim juda kam chiqdi, – deydi G.Boqiyeva.
– Toʻgʻrisi, kayfiyatim tushib ketdi. Keyin qoʻshnimning maslahati bilan tuman adliya boʻlimiga murojaat qildim. Baraka topsin adliya xodimlari meni ortiqcha ovora qilmadi. Oʻzlari hujjatlarimni yigʻib, faqat sudda ishtirok etdim, xolos.
– “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunning 7-moddasida yoshga doir pensiya olish huquqiga ayollar 55 yoshga toʻlganda va ish stajlari kamida 20 yil boʻlgan taqdirda ega boʻlishi, qonunning 8-moddasida esa pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish staji mavjud boʻlgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanishi belgilangan, – deydi Qiziltepa tumani adliya boʻlimi boshligʻi Abduvali Asadov.
Shuningdek, qonunning 27-moddasida pensiya tayinlashda talab etiladiganidan ortiqcha ish stajining har bir toʻliq yili uchun yoshga doir pensiya yoshga doir pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun olinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida oshirilishi belgilangan.
Tuman adliya boʻlimi aralashuvi natijasida G.Boqiyevaning pensiyaga chiqishida arxivdan topilmagan hujjatlari sud qarori bilan qayta tiklanib, uning pensiya summasi tegishli tartibda oshirilishiga erishildi.