Янгиликлар
08
Adliya faoliyatidan
Uzoq yillardan beri oddiy xalq vakili faqat sud yoxud huquq-tartibot organlariga chaqirtirilganda advokat xizmatidan foydalanishni oʼylardi. Аmmo, zamon va talablar o‘zgarib borishi bilan advokatlar tomonidan sifatli yuridik xizmatni koʼrsatilishiga ehtiyoj yuqorilab bormoqda. Bunday xizmat nafaqat sud, tergov harakatida, balki fuqaroviy shartnomalarni tuzish hamda boshqa shu kabi masalalarda ham keng qo‘llanmoqda.
Ayniqsa, mamlakat rahbarining joriy yilning 30 may sanasidagi“Аdvokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori fuqarolar uchun yanada qulaylik yaratdi desak mubolag‘a emas. Mazkur qaror mazmun-mohiyati ayni paytda Navoiy viloyatida ham tizimli amalga oshirilib, ijrosi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Qarorga koʼra, 2023 yil 1 yanvardan:
advokatlik faoliyati uchun litsenziya berish, malaka imtihonini topshirish tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali;
advokatlik tuzilmalarini davlat roʼyxatidan oʼtkazish, qayta roʼyxatdan oʼtkazish va tugatish YaIDXP orqali amalga oshiriladi;
advokatlikni boshlashda malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat roʼyxatidan oʼtkazish boʼyicha kompozit xizmat koʼrsatish imkoniyati yaratiladi.
2023 yil 1 yanvardan fuqarolarga yuridik yordam koʼrsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Mazkur axborot tizimi doirasida:
advokatlar elektron reestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantiriladi;
advokatning shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan masofadan turib yuridik yordam koʼrsatish toʼgʼrisida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam koʼrsatish imkoniyati yaratiladi;
advokatura, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari oʼrtasida elektron hujjatlar almashinuvi yoʼlga qoʼyiladi;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari yoki sud majlisi oʼtkazilish vaqti va joyi toʼgʼrisida advokatga elektron xabar berish imkoniyati yaratiladi;
advokat soʼrovini elektron yuborish va advokat soʼrovi asosida yuridik yordam koʼrsatish uchun zarur boʼlgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish amaliyoti yoʼlga qoʼyiladi;
advokatning oʼz arizasiga koʼra advokatlik maqomini toʼxtatib turish elektron tarzda advokat tomonidan xabarnoma berish shaklida amalga oshiriladi.