Янгиликлар
Adliya faoliyatidan
Navoiy shahar adliya boʻlimiga kasodga uchrayotgan tadbirkorlardan biri murojaat qildi. U “KIDS MAXI FOOD NAVOIY” MCHJni boshqaradi. Aytishicha, biznesi yurishmaganiga Navoiy shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi sababchi boʻlgan. Tadbirkorning bu dargoh bilan qanday oldi berdisi bor, dersiz?
2021-yilda mazkur MCHJ Navoiy shahridagi 1, 10, 20, 34-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga “autsorsing” tizimi asosida ovqatlantirish xizmatini koʻrsatib kelgan.
Jamiyat 2021-yilda Navoiy shahridagi 4 ta maktabgacha tashkilotiga 3 milliard soʻmdan ortiq xizmatlar koʻrsatgan. Ammo Navoiy shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi tadbirkorning 287 million 635 ming soʻmlik koʻrsatgan xizmatlari boʻyicha toʻlovlarni oradan bir yil oʻtibdiki, jamiyat hisob raqamiga oʻtkazib bermagan. Xullas, agar tabdirkor haq-huquqini talab qilmasa, 287 million soʻmidan ayriladi.
Murojaat adliya tomonidan toʻliq oʻrganildi. Soʻngra Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga MCHJ manfaatida daʼvo arizasi kiritdi. Tadbirkor foydasiga kiritilgan daʼvo arizasi sud tomonidan qanoatlantirildi.
Qonunchilik nima deydi?
Fuqarolik kodeksida haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha ijrochi buyurtmachining topshirigʻi bilan ashyoviy shaklda boʻlmagan xizmatni bajarishi, buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq toʻlash majburiyatini oladi. Shuningdek, buyurtmachi oʻziga koʻrsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan muddatlarda va tartibda toʻlashi shartligi qayd etilgan.