Янгиликлар
Madaniyat xodimlarining huquqi tiklandi

Insonga rag‘bat go‘yo qanotdek gap. Ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish kishiga motivatsiya va xursandchilik ulashsa, moddiy tomondan berilgan rag‘bat insonning mehnat natijalaridan manfaatdorligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, intizom, mehnat sifatining yaxshilanishiga yordam beradi. Bunda xodimda tashabbuskorlik, mas’uliyat ruhi ham kuchayadi. Xodimning ishidan hadeb kamchilik axtarish, boshqacha aytganda, “tirnoq tagidan kir qidirish” uning ish sifati pasayishiga, ishdan ko‘ngli sovib, yomon ishlashiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Shu bois mamlakatimizda davlat xizmatchilarini rag‘batlantirish tartibining huquqiy asoslari yaratilgan. Har bir soha vakili mehnatiga yarasha moddiy jihatdan rag‘batlantirilmoqda. Masalan, madaniyat xodimlari ham xuddi shunday imkoniyatga egalar. Biroq, ularning ayrimlari bunday rag‘batlantirishlardan mutasaddilarning e’tiborsizligi tufayli mosuvolar.
Xatirchi tumani Madaniyat bo‘limining to‘rt nafar xodimi xodimlarining ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilmaganligidan norozi bo‘lib. Tuman adliya bo‘limiga murojaat qildilar. Shikoyat arizalari o‘rganib chiqildi. Aniqlandiki, tuman Madaniyat bo‘limi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4730-sonli qarorining 11-bandiga asosan lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qo‘shimcha pul to‘lash: 1 yildan 5 yilgacha 0,1; 5 yildan 10 yilgacha 0,2; 10 yildan 15 yilgacha - 0,3; 15 yildan ortiq - 0,4 miqdoridagi qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilmagan.
Aniqrog‘i, 4 nafar xodimga 2020-yil 26-maydan 2022-yil 1-iyuligacha ishlagan davrida jami 40 million 265 ming so‘mlik ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlardagi qo‘shimcha to‘lovlari to‘lab berilmaganligi aniqlandi. Tuman adliya bo‘limi madaniyat xodimlarining manfaatida ushbu to‘lovlarni to‘lab berilishi yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudiga da’vo ariza kiritdi. Sud esa arizalarni to‘liq qanoatlantirdi.Madaniyat xodimlari mazkur murojaatlari ortidan har birlari 10 million so‘mga yaqin mablag‘ni olishga muvaffaq bo‘ldilar. Adliya tizimi doimo fuqarolar manfaatida ularning haq-huquqlari himoyasiga shay.
Navoiy viloyati adliya boshqarmasi axborot xizmati.