Янгиликлар
20
So‘z ustasi Xojiboy Tojiboyevning mualliflik huquqlari uning vorisi orqali himoyalandi
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq mualliflik huquqi muallifning vafotidan so‘ng asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida huquqiy himoyaga ega bo‘ladi.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, so‘z ustasi marhum Xodjimurod Todjiboyevning (Xojiboy Todjiboyev) mualliflik huquqlarini himoya qilish maqsadida uning vorisi Intizor Todjiboyeva mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot orqali Adliya vazirligiga murojaat qilgan.
Adliya vazirligi tomonidan holat bo‘yicha, qonunchilikda belgilangan tartibda “R.R.S.” MCHJga tegishli bo‘lgan “N.” radiokanalida tekshiruv o‘tkazilgan va tekshiruv davomida X. Todjiboyevning xajviyalari muallifning merosxo‘ri bo‘lgan I. Todjiboyevaning ruxsatisiz “N.” radio efirlarida eshittirilganligi aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha “R.R.S.” MCHJga qonun hujjatlari buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilib, huquqbuzarlik bartaraf etildi.
Mualliflik huquqi obyektlaridan muallif (uning vorisi) yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanilishi lozim.
Hurmatli, mualliflar, san’at va ijod ahli hamda ularning vorislari, Sizga tegishli bo‘lgan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilishi holati aniqlanganda, adliya organlariga bevosita o‘zingiz yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar orqali murojaat qilishingiz mumkin!