Янгиликлар
22
Yosh huquqshunoslar forumi yakunlandi
Toshkent davlat yuridik universitetida “Raqamlashtirish davrida huquq sohadagi zamonaviy chaqiriqlar” mavzusida Yosh huquqshunoslar forumi oʻtkazildi.
Huquq sohalari va ularning asosiy institutlari muammolari va rivojlanish istiqbollari, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotidagi oʻzgarishlar, milliy huquqiy tizimlar va xalqaro huquqlarni rivojlantirishning asosiy tendensiyalariga bagʻishlangan forum Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan USAID LRP koʻmagida tashkil etildi.
Forumning birinchi qismida huquqshunoslik yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar, TDYU qoshidagi M.Vosiqova nomidagi akademik litsey va Adliya vazirligi yuridik texnikumlari oʻquvchilari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi.
2 toifada oʻtkazilgan intellektual bahslar yakunida quyidagi natijalar qayd etildi:
Talabalar oʻrtasida:
1-oʻrin — Toshkent davlat yuridik universiteti;
2-oʻrin — Huquqni muhofaza qilish akademiyasi;
3-oʻrin — Ichki ishlar vazirligi akademiyasi.
Oʻquvchilar oʻrtasida:
1-oʻrin — Qashqadaryo viloyati yuridik texnikum;
2-oʻrin — Navoiy viloyati yuridik texnikumi;
3-oʻrin — Toshkent shahar yuridik texnikumi.
Gʻoliblar va sovrindorlar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Forum doirasida “Huquqning zamonaviy muammolari: hal etish yoʻllari” mavzusida talabalar konferensiyasi ham tashkil etildi.
Anjumanda mavzu yuzasidan maʼruzalar tinglanib, sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Shuningdek, forum davomida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Tashkulovning Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari, universitet qoshidagi akademik litsey hamda Adliya vazirligi yuridik texnikumlar oʻquvchilari bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.
Gibrid (onlayn va anʼanaviy) shaklda tashkil etilgan ochiq muloqotda 500 nafardan ortiq yosh huquqshunoslar ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda A.Tashkulov oʻzining hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Vazir oʻz nutqida mamlakatimizda malakali kadrlar, xususan, professional huquqshunoslarni tayyorlash borasida qilinayotgan ishlar xususida soʻz yuritib, davlatni taraqqiyotga yetaklovchi avlodlar almashinuvi roʻy berishi uchun taʼlimga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligini, bizning yoshlar ham dunyoning yetakchi kompaniyalarida faoliyat olib borib, yangi olamshumul korporatsiyalarga asos solishi kerakligini taʼkidladi.
Shu bilan birga har bir iqtisodi rivojlangan davlatning orqasida koʻrinmas fundament – institutlar, qonunlar turishini, qonun hamma narsaga tarozi boʻlib xizmat qilishini, u adolat mezoni, davlatning vijdoni, standarti va oʻlchovi ekanini qayd etdi.
Shuningdek, A.Tashkulov barcha sohalar qatori huquq sohasida ham kun sayin yangidan yangi muammo va vazifalar paydo boʻlayotganini, huquq sohasi faqat qonunlar va qarorlar yigʻindisi emas, balki jamiyat tuzilishini shakllantiradigan tirik va nafas oluvchi kuch ekanini hamda yuridik kasbning muhim jihatlaridan biri uning adolatga sodiqligida ekanini aytib oʻtdi.
Forum doirasida ishtirokchilar raqamlashtirish va huquq, adliya tizimida ishlash tartibi, yosh huquqshunoslar uchun kerak boʻladigan koʻnikmalar haqida foydali maʼlumotlarga ega boʻldi.
Ochiq muloqot davomida Adliya vaziri talabalar va oʻquvchilarning savollariga batafsil javob berdi.
Yakunda “Oʻzbekiston” mehmonxonasida forumning yopilish va ishtirokchilarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi.