Янгиликлар
25
BESH KUNDA BESH QABUL
Navoiy viloyat adliya boshqarmasi tomonidan aholi muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish va huquqiy yechim topish maqsadida “Sayyor qabullar haftaligi” tashkil etib borilmoqda.Haftalik doirasida boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Z.Farmanov tomonida beshta hududda sayyor tartibda muloqotlar o‘tkazildi. Xatirchi, Nurota, Karmana, Konimex va Qiziltepa tumanlarida istiqomat qiladigan fuqarolar hududlarda bo‘lib o‘tgan qabullar davomida mas’ullarga murojaat qilishdi.
Xususan, uy-joy ta’minoti, bandlik, yoshga doir ish stajini tiklash,subsidiya, bank-kredit, kommunal xizmatlar,elektr energiyasi va yo‘l ta’miri, mehnat va oilaviy munosabatlarni tartibga solishga doir masalalar murojaatlarning asosini tashkil etdi.
Dildora Izzatova Konimex tumandagi “Yuksalish” mahallasida istiqomat qiladi. Bir paytlar chet elga ishlashga ketgan turmush o‘rtog‘i chegaradan o‘tayotganda buyumlari qatori pasport hujjatlarini ham o‘g‘irlatgan. Shundan buyon oila boshi ishsiz. Ayolning 0,5 stavkadagi ish haqi evaziga qora qozon qaynab turibdi. Murojaat o‘rganilib, fuqaroga avvalo, turmush o‘rtog‘ining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha dastlabki harakatlar amalga oshirildi.
Sarvinoz Davlatova esa bugungi kunda yolg‘iz ona. Turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng yashash joyi bilan bog‘liq kadastr muammolari yechimida qator qiyinchiliklarga uchramoqda. Tadbir joyida fuqaroning masalasi tahlil etilgach, kadastr hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirib berish uchun ayolga davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Qabullar mobaynida fuqarolarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kommunal to‘lovlarni amalga oshirish,e-auksionda ishtirok etish, tibbiy va manzil ma’lumotlari olish, farzandini maktabgacha ta’lim muassasasiga ro‘yxatga qo‘yish yo‘nalishida davlat xizmatlari ko‘rsatildi.