
“...Xalqimiz oriyatli va nomusli xalq. Odamlar barcha narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlik va nohaqlikka chiday olmaydi.” Bu so‘zlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ko‘p ta’kidlaydilar. Vakolat doirasida fuqarolar murojaatlarini o‘rganish jarayonida ayrim hududlarda xuddi yuqoridagi fikrlarning guvohi bo‘lish mumkin. Navoiy viloyati Xatirchi tumani adliya idoralari tomonidan aholi murojaatlari o‘rganilganda juda ko‘p holatlarda fuqarolar manfaatlari himoyasida sud idoralariga da’vo arizalari kiritmoqdamiz. Ular turli soha vakillari.
Ma’lumki, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha davlat islohoti amalda. Ishsiz aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashish uchun mas’ul xodimlar hududidagi mavjud holatni birga o‘rganmoqda. Jarayonda aholiga amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib borilayapti. Masalan, Xatirchi tumanidagi “Zarbdor” mahallasida ham ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash asosiy e’tibordagi yumush. Biroq, mahalla mas’ullarining o‘zlari huquqiy ko‘makka ehtiyoji borligi ma’lum bo‘ldi. Murojaatlar yuzasidan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3-dekabr 2021-yilda qabul qilingan 31-sonli qarori ijrosi xodimlarga oylik ish haqqi to‘lanishida to‘g‘ri ta’minlanmagan. Qarorning 8-bandida xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida, xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada —6,5 baravari, xonadonlari 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida ish haqlari to‘lanishi belgilangan. Mazkur mahallada xonadonlar soni 502 ta bo‘lishiga qaramay, mahalla xodimlariga yillar davomida 6 barovar miqdorida kam haq to‘lanib kelingan.
“Zarbdor” mahallasining xotin-qizlar faoli Ra’no Mahfuzova hududidagi 1103 nafar xotin qizlarning ma’naviy, psixoligik va tibbiy yordam olishida ma’sul. U har kun o‘nlab xonadonlarni yayov kezadi. Boisi, hududda uchta qishloq mavjud. Xodim ham mehnat munosabatlaridagi haq-huquqlari cheklanayotganini anglab, adliya bo‘limiga ariza bilan murojaat qildi. Natijada adliya idoralari aralashuvi bilan Ra’no Mahfuzova 2023 yilning 11 oyi mobaynida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6,5 baravari miqdorida 4 million 300 so‘m ish haqqisi undirib berildi. Xuddi shunday “Zarbdor” MFYda mahalla raisi, yoshlar yetakchisi va hokim yordamchilarining ham murojaatlari ijobiy hal etildi.
Abror Sattorov
Xatirchi tumani adliya bo‘limi boshlig‘i