Янгиликлар
01
NAVOIYNING SHIMOLIY HUDUDLARI VA YIRIK ISHLAB CHIQARISH QUVVATLARI O‘RGANILDI
Navoiy viloyatining respublikada “Qizilqum cho‘lquvarlar makoni” deya nom olishi bejizga emas. Boisi, yer maydonining asosiy qismi cho‘l hududidan iborat.Viloyatning shimolidagi eng olis aholi yashash maskanlari – Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlari cho‘l o‘rtasida qad ko‘targan makonlar sifatida namoyon bo‘ladi. Har uchala hudud viloyat markazidan 200-300 km uzoqlikda joylashgan. Adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev tomonidan mazkur hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, fuqarolarning maishiy turmush sharoiti va murojaatlari o‘rganildi.
Bugungi kunda viloyatning shimoliy hududida umumiy hisobda 140 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.Fuqarolarning aksariyati tog‘-kon sanoatida faoliyat yuritadi.Tomdiliklarning asosiy daromadi esa chorvachilik orqasidan.Hududga xos bo‘lgan muammolar suv va uy-joy ta’minoti, yo‘l qurilishi hamda bandlik bilan bog‘liq.
Mazkur hudud fuqarolari asosan ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanserida navbatda turish yoki turmaslik, sudlanganlik yoki sudlanmaganlik bo‘yicha ma’lumot olish hamda farzandlarini ta’lim muassasalariga navbatga qo‘yish bo‘yicha eng ko‘p davlat xizmatlaridan foydalanishgan.Mas’ullar aholi murojaatlarini o‘rganishar ekan ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratishdi.
Shundan so‘ng, davlat xizmatlarida fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirilib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va xorijga chiqish pasportlarini berish, qonunchilik tartibida rasmiylashtirish, yuridik xizmat ko‘rsatish, FHDY va arxiv hujjatlari holati tahlil etildi.
Bundan tashqari, Adliya vaziri o‘rinbosari viloyatning yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biri “Navoiyuran” davlat korxonasining bugungi kundagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Jahon yadro assotsiyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra,
O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni egallaydi. “Navoiyuran”DK esa mamlakatimizda uran qazib olish bo‘yicha yagona korxona hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, hozirgi kunda “Navoiyuran” DK o‘z mahsulotini 100 foiz eksportga yo‘naltirmoqda. Bu yerda asosan, tabiiy uran ishlab chiqariladi, “Zafarobod” kon boshqarmasi, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlarida joylashgan 20 ta tabiiy uran koni hamda bu konlarni o‘zida birlashtirgan 6 ta geotexnologik konlar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Uran ishlab chiqarish zavodi, 3 ta geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi, Geologiya-qidiruv partiyasi, Burgʼilash uskunalarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish uchastkasi, taʼmirlash-mexanika sexlarida ayni paytda 9000 nafardan ortiq xodimlar mehnat qilib kelmoqda.