Янгиликлар
05
Kontrafaktchilar yana “Anjan”muzqaymogʻiga “murojaat” qilishdi
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga “SURPRISE ICE CREAM” MChJ rahbari X.Madrahimov oʻziga tegishli “Anjan” tovar belgisidan Fargʻona viloyatida joylashgan “F.I.C.” oilaviy korxonasi tomonidan huquq egasining ruxsatisiz foydalanilayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushdi.
Murojaat asosliligi oʻrganilganda, “SURPRISE ICE CREAM” MChJ rahbari X.Madrahimov Adliya vazirligidan 2022-yilning may oyida “Anjan” jamlanma tovar belgisi uchun tovarlar va xizmatlar xalqaro tasnifining barcha sinfiga, jumladan 30-sinfiga muvofiq MGU 45104-sonli guvohnoma olgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida muhofazaga olingan.
Murojaat asosida “F. I. C.” oilaviy korxonasi oʻrganish oʻtkazilganda, korxona tomonidan “Anjan” tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan “Anjancha” tovar belgisidan foydalangan holda muzqaymoq ishlab chiqarayotganligi aniqlandi.
Oʻrganish yakuni boʻyicha “F.I.C.” oilaviy korxonasi rahbariga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, huquq egasining tovar belgisi mavjud boʻlgan kontrafakt mahsulotlarni savdodan qaytarib olish, tovar belgisi tasvirlarini yoʻq qilish, tovar belgisini tovardan yoki uning idishi va oʻrovidan yoʻqotish, ushbu talablarni bajarishning iloji boʻlmagan taqdirda, tegishli tovarni yoʻq qilib tashlash choralarini koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.