Bog'lanish

Telefon
79-220-79-22

Elektron manzil
navoiy@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

DASR TAQSIMOTIDA HAM TANISH-BILISHCHILIKMI?


Bugun fuqarolarda adliya tizimidagi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati haqida batafsil ma’lumot yo‘q. So‘rovlarda esa har 10 kishining 8 tasidan “...bunday markaz borligini bilmayman”, degan javobni olasiz. Aslida Davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlash yuridik xizmatning asosiy vazifasi hisoblanadi. Aniqroq aytsak, yuriskonsultlar korxona va tashkilotlar chiqarayotgan buyruqlar va hujjatlarga huquqiy baho beradilar va ekspertizadan o‘tkazadilar. Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga bo‘ysunmaydi, ularning ta’sir doirasida bo‘lmaydi, ya’ni ular to‘la mustaqil faoliyat olib boradi. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ayni kunda yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan hujjatlar tufayli korxona va tashkilotlardagi xodimlarning mehnat munosabatlaridagi huquqi buzilishining oldi olinmoqda. Shuningdek, sudlarga xodimlarning ish beruvchi ustidan shikoyati ham kamaygan. Biroq, ayrim tashkilotlar, masalan ta’lim tizimida xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirish borasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish zarur. Chunki, huquqiy bilimsizlik mehnat munosabatlariga darz yetkazadi. Masalan, umumta’lim maktablarida har yili dars taqsimoti borasida turli ko‘ngilsiz voqealar jamoatchilikkacha yetib boradi. Yashirishga hojat yo‘q, pedagoglarning dars soatlarini ko‘proq olishi uchun noqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan turli mish-mishlar ham oralaydi. Xullas, huquqiy bilimsizlik tufayli juda xunuk oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. 

Xo‘sh, dars taqsimlash tartibi o‘zi qanday? Dars taqsimoti uchun qonunchilikda asos berilganmi?. Albatta asos mavjud. “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 15-bandiga asosan o‘rta ta’lim maktablarida darslar taqsimlanadi. Umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, har yili 15 sentyabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari quyidagi ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

- xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

- o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;

- chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);

- TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan o‘qituvchilar;

- asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

- o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblari;

- respublika bosqichidagi ko‘rik tanlovlarda (yil o‘qituvchisi) sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;

- oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

- birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

- asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari;

- ikkinchi malaka toifaga ega o‘qituvchilar;

- pedagogik yo‘nalish bo‘yicha magistr darajasiga ega o‘qituvchilar;

- belgilangan tartibda o‘z fanidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi bo‘yicha a’lo baholarga ega o‘qituvchilar;

- oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;

- qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar;

- oliy ta’lim muassasalarining pedagogik yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchi bosqich talabalari;

- pedagogik yo‘nalish bo‘yicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan o‘qituvchilar;

- oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar;

- oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari.

Umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.


Olimjon Komilov

Navoiy shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i