Bog'lanish

Telefon
79-220-79-22

Elektron manzil
navoiy@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

TADBIRKORLIKKA KENG YOʻL


Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning aniq maqsad va chegaralarini belgilash, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi mahsulot va xizmat turlarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular uchun tartibga solish yukini kamaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yil 9-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-244-son qarorlari qabul qilindi.

Qarorga muvofiq Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasining davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini faqatgina quyidagi vositalar orqali tartibga solish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi, jumladan,

tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatining ayrim turlari boʻyicha litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish;
texnik jihatdan tartibga solish;
tarif va notarif tartibga solish;
qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarining javobgarligini majburiy sugʻurta qilish;
davlat nazorati;
raqobatni himoya qilish;
qonun bilan tadbirkorlik subyektlari hamda ularning mansabdor shaxslari javobgarligini oʻrnatish;
hisobotlarni joriy etish;
oʻzini oʻzi tartibga soluvchi tashkilotga aʼzolik (ishtirok etish) asosida oʻzini oʻzi boshqarishni joriy etish.

Yana belgilab qoʻyildiki:

tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish vositalari tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan tovarlar, bajariladigan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlarning inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizligini, uning qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, davlat xavfsizligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faqat normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida joriy etiladi;
normativ-huquqiy yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat hisoblanmagan hujjatlarda belgilangan tartibga solish vositalari huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

 Bundan tashqari quyidagi talablar 2023-yil 1-yanvardan bekor qilinishi belgilab qoʻyildi:

tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida eʼlon berish;

yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;

elektr energiyasini elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha isteʼmol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish;

yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qoʻyish.

2023-yil 1-martdan boshlab oʻrnatiladigan tartibga muvofiq:

soliq toʻlovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;

axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat beriladi. Bunda, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nodavlat xizmatlar koʻrsatish tartibi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadi;

Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori boʻlgan davlat xaridlari boʻyicha buyurtmalar toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida bajarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) oʻrtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga yana bir qator yengilliklar berilishini nazarda tutuvchi normalar belgilab qoʻyildi.

 Soxibjon BEGMATOV,

Navbahor tumani Adliya boʻlimi davlat xizmatlari markazi

boʻlim boshligʻi,

Xulkar NOROVA, yuridik markaz bosh yuristkonsulti.