Bog'lanish

Telefon
79-220-79-22

Elektron manzil
navoiy@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Jamiyat - ma'muriy islohotlar tashabbuskori


Taraqqiy etgan davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, bunday mamlakatlarda boshqaruv tizimini ixchamlashtirish va tarmoqlararo institutsional mustaqillikni taʼminlash demokratik qadriyatlar sirasiga kirishini koʻrishimiz mumkin.

Kuni kecha mamlakatimiz rahbari tomonidan keng jamoatchilikka yoʻllangan murojaatnomada ham 2023- yil uchun belgilab berilgan 6 ta muhim yoʻnalishning birinchisi, aynan, boshqaruv tizimini ixchamlashtirish va ijro hokimiyati organlarining institutsional mustaqilligini oshirishga qaratilgani bu jarayon mamlakat xayotida naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 269-sonli farmonida ham mazkur yoʻnalishdagi vazifalar aniq belgilab berildi.

Bunda har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi masʼuliyati oshirilishi belgilangan. Mos ravishda javobgarligi ham kuchaytirilishi, ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablagʻ berilishi ham koʻrsatilib, bu orqali ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy va institutsional mustaqilligini oshirish asoslari qonuniy belgilab berilgan. Albatta mazkur tizim hududlar bilan ishlashning samarali mexanizmini joriy etishda ham muhim ahamiyatga ega.

Ushbu jarayon Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar vazirlar ishtirokida muhokama qilinib, kollegial hal etish orqali amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytganda, vazirlar yangi qaror loyihalarini oʻzlari ishlab chiqadi, qaror loyihasining dolzarbligi, tashkiliy-moliyaviy mexanizmlari va kutilayotgan natijalarini Hukumat aʼzolari oldida oʻzlari himoya qiladi.

Bu tabiiyki, dunyo davlatlari tajribasida boʻlgani kabi har bir tizim uchun oʻz faoliyatiga oid qarorlarni mustaqil qabul qilish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har bir vazirlikning yil davomida erishishi zarur boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlari yaʼni indekatorlari ham belgilanishi koʻrsatib oʻtilgan.Bunda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va joylardagi boʻlinma rahbarlari ham maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha harakatlar dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim etishi koʻzda tutilmoqda.

Yil yakunida esa, dastur asosida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tegishli tartibda ochiq hisbotlar berib boriladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ushbu hujjat mamlakatimizda siyosiy islohotlarning xalqchilligini taʼminlash, mazkur jarayonda boshqaruv tizimini yanada ixchamlashtirish orqali samaradorlik koʻrsatgichlarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bunda “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» tamoyili ustuvor. Boshqaruv tizimi qanchalar ixcham va mustaql boʻlsa, mamlakatda demokratik qadriyatlar shu qadar rivojlanadi.

Zero, bu maqsad zamirida yurtboshimiz taʼkidlaganidek, Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat» gʻoyasi mujassam.


Navoiy viloyat adliya
boshqarmasi boshlig'i
A.Sarabekov